O’qimagan kitoblaringiz bir kuni sizni jazolaydi.
KUTUBXONA HAVOSI
Faoliyatim davomida ko‘p bora maktab ma’muriyati yoki boshqa soha vakillari
tomonidan: “Kutubxonachilarning kitob tarqatish va qabul qilishdan boshqa
qanaqa ishi bo‘lishi mumkin, 4 ta kitobni u yoqdan bu yoqqa olaverib kunni kech
qilishadi”, degan gaplarini eshitganman. Ana shunday o‘ylaydiganlarning
kutubxonaga nisbatan fikrlarini o‘zgartirish uchun men kutubxonachilarning yil
davomida qiladigan ishlari, o‘tkazadigan tadbirlari hamda zimmasidagi
mas’uliyati va javobgarliklari haqida imkon darajasida qog‘ozga tushirib
sizlarga havola etmoqchiman.
Xullas men Axborot-resurs Markazi rahbari sifatida lavozim yo‘riqnomasidan
tashqari, maktab kutubxonachilariga uslubiy yordam berib, ularni kutubxonadagi
faoliyatlarini muntazam ravishda nazorat qilib boraman. Tumanimizda 19 ta
maktab bor: ARM xodimlari esa 8 nafarni tashkil qiladi, G’allarol tumanida 90 tadan ziyod
maktab bor lekin o‘sha tumanda ham ARM xodimlari 8 nafarni tashkil qiladi,
Vazifamiz lavozim yo‘riqnomamiz va oylik ish haqimiz esa bir xil. Men har oy
yoki har ikki oyda maktab kutubxonalariga borib ishlarini ko‘zdan kechirib
kelaman. Bu mening vazifam va buni mendan viloyat Axborot-resurs Markazi va
tuman xalq ta’limi bo‘limi talab qilib turadi, (96 maktabi bor tuman ARM
xodimlarini holatini tasavvur qilib ko‘ravering) muntazam ravishda tadbirlar va
kutubxonachilar bilan ishlaganim uchun doim bir xil muammoga duch kelaman,
aniqrog‘i men emas maktab kutubxonachilarining muammosi.
KUTUBXONACHILARNING BIR OYLIK ISH HAQI
Kutubxonachilik lavozimi uchun shtat birligi maktabdagi sinflar soniga
qarab maktab joylashgan hududning moliya bo‘limi tomonidan belgilanadi: 13 ta
sinfi bor maktabga 0.5 stavka kutubxonachi, bir oylik ish haqi 258 188 so‘m,
kitoblar soniga qarab eng kam oylik ish haqining 10 foizdan 20 foizgacha
bo‘lgan miqdorda qo‘shimcha ustama ham to‘lanadi ( pasti 17 224 so‘m, yuqorisi
34 448 so‘m) 258188+34448=292 636 so‘m.
Bundan kelib
chiqadiki, xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari hisobchiga tabel
topshirayotganda 0.5 stavka kutubxonachiga 258 188 so‘m oylik ish haqi yozadi,
hisobchi kutubxonachining topshirgan hisobotiga tayanib tabeldagi 258188 so‘mga
ko‘pi bilan 34448 so‘m qo‘shib unga oylik ish haqi yozishi mumkin, undan 15
foiz daromad solig‘iga, 1 foiz kasaba uyushmasiga, 1 foiz nafaqa jamg‘armasiga
(nafaqaga chiqqanida xalq bankidan borib oladi), 8 foiz nafaqa fondiga, misol
uchun
292636x0.15=43 895
292636x0.1=2 926
292636x0.1=2 926
292636x0.8=23 411
(qoldiqlarni yozib o‘tirmadim)
292636-(43895+2926+2926+23411)=219478 so‘m
Ishonish qiyin
lekin rostdan ham 0.5 stavka kutubxonachilar bizning hududda 3 nafarni tashkil
qiladi, ular bir oylik ish haqlaridan kommunal to‘lovlariga o‘tkazmasa plastik
kartochkalariga 219478 so‘m pul mablag‘i tushadi, shunda ham ularning
kutubxonasidagi kitoblar soni 20 foizlik ustama talablariga javob bersagina
qolgan 13 tadan yuqori sinfi bor kutubxonachilarning bir oylik ish haqlarini
o‘zingiz chamalab ko‘ravering!
13 tadan 30 tagacha sinfi bo‘lgan maktabga 1 stavka
kutubxonachi
30 tadan 40 tagacha sinfi bor maktabga 1.5 stavka
kutubxonachi
40 tadan yuqori sinfi bor maktabga esa 2 stavka
kutubxonachi shtati beriladi
(bizning hududda 40 tadan ziyod sinfi bor maktab
mavjud emas)
Kutubxonachi bo‘lib ishga kirganlar orasida boshlang‘ich ta’lim
yo‘nalishini bitirganlar 80.90 foizni tashkil qiladi. Aynan kutubxonachilik
bo‘yicha oliy ma’lumotli kutubxonachini maktab kutubxonalaridan topish juda
qiyin. Agar shunday xodim bo‘lsa ham 50 yoshlar atrofida bo‘ladi(Unutmang men
tumanda turaman va o‘zim yashab turgan muhitdan kelib chiqib yozyapman)
TADBIRLAR (O‘QUV YILI DAVOMIDA)
Kutubxonaga kirganingizda kitob jovoni undagi kitoblar, bir nechta parta va
o‘rindiqlarga ko‘zingiz tushadi, yana yaxshilab nazar tashlasangiz, qaysidir
shoirning yuz yilligiga bag‘ishlanib tashkil qilingan burchak, gazeta va
jurnallar taxlami bo‘lmish jamlanmalar. Kutubxonachi o‘tiradigan stol yonidagi
kitob jovonida esa papkalar, hujjatlar, rasmlar, bukletlarni ko‘rishingiz
mumkin. Hujjatlarning soni va qog‘ozbozlik bo‘yicha kutubxonachi maktabda 3
o‘rinda turadi. Mavzudan sal uzoqlashgan holda maktab ma’muriyatidagi
qog‘ozbozlik va hujjatlar yuritish bo‘yicha o‘rinni men o‘zim uchun quyidagi
tartibda terib chiqdim:
1-o‘rin ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor
o‘rinbosari
2-o‘rin o‘quv tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktori
o‘rinbosari
3-o‘rin kutubxonachi
3-o‘rin kutubxonachi
4-o‘rin yoshlar ittifoqi yetakchisi
5- o‘rin monitoringchi (sinf rahbarligi va fan
o‘qituvchiligi bor)
6-o‘rin xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari
7-o‘rin xotin qizlar qo‘mitasi raisi (sinf rahbarligi
va fan o‘qituvchiligi bor)
8-o‘rin kasaba uyushmasi raisi (sinf rahbarligi va fan
o‘qituvchiligi bor)
9-o‘rin ish yurituvchi (kotiba)
10-o‘rin sinf rahbarlari (fan o‘qituvchiligi bor)
11-o‘rin fan o‘qituvchilari
12-o‘rin psixolog
13-o‘rin laborantlar
14-o‘rin maktab direktori
Ochig‘ini aytsam, o‘quvchilarni badiiy kitob o‘qishga jalb qilinadigan
tadbirlarni boshida nega faqat kutubxonachi qo‘yilishi va bu tadbirlarga aynan
kutubxonachi mas’ulligi meni hayron qoldiradi. 2017-2018- o‘quv yili davomida
kutubxonachi o‘tkazadigan tadbirlar quyidagilardan iborat:
“Kitobxonlik bayrami”, bu tadbirni ichida tadbirlar
bor;
- “Kitob taqdimoti” (sentyabr-dekabr oylari davomida)
;
- “Adabiyot kunlari” (fevral oyining birinchi yarmida)
;
- “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi” (15-fevraldan
20-martgacha) ;
- “Maktab-kutubxona-oila-jamoat tashkilotlari”
(10-martdan 20-martgacha) ;
- “Bir farzandga-uch kitob”(10-martdan 20-martgacha) ;
- “Kitobim-oftobim” (mart oyida) ;
- “Momomning sandig‘i” ertaklar tanlovi (o‘quv yili
davomida) ;
- “Men sevgan adabiy qahramon” insholar tanlovi (aniq
muddatini topolmadim) ;
- “Targ‘ibotchi kitobxon o‘quvchi” (o‘quv yili
davomida) ;
- “Yosh kitobxonlar ko‘rik tanlovi” (may, iyun, iyul
oylarida) ;
- “Mustaqillik bolalar madhida” she`rlar tanlovi
(o‘quv yili davomida) ;
- “Kitob o`qish” tadbiri (o`quv yili davomida) ;
Kutubxonachi barcha tadbirlarni o‘tkazganligi haqidagi ma’lumotnoma va
tadbirlardan olingan suratlarni tuman Axborot-resurs markaziga yetkazadi, tuman
Axborot-resurs markazi umumlashtirib viloyat Axborot-resurs markaziga, ular esa
tumanlarnikini umumlashtirib Respublikaga yuborishadi. Kitobxonlik bayrami
tadbiri haqida Dono G‘aniyevaning “Ta’lim tizimidagi axborot-kutubxona
jarayonlarini axborotlashtirishni tashkil etish va boshqarish” kitobidan
batafsil o‘qib bilib olishingiz mumkin. Boshqa tadbirlar nizomini internetdan
topish mushkul emas.
Kutubxonachi bu tadbirlarni, albatta yolg‘iz o‘zi o‘tkazmasligi kerak, unga
maktab ma’naviyatchisi, yoshlar ittifoqi yetakchisi, sinf rahbarlari va ona
tili va adabiyot fani o'qituvchilari ko‘maklashishlari chora-tadbirlar
rejasida ko‘rsatilgan bo‘ladi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek aksariyat
kutubxonachining ma’lumoti o‘rta maxsus, maktabdagi vakolati ham
boshqalarnikiga nisbatan ancha past, kim ham unga o‘z ixtiyori bilan
yordamlashardi, barcha o‘zini ishdan olib qochadi, ba’zida tadbirlarga ham
hakam topish unga juda mushkul bo‘lib qoladi. Qaysidir tadbirni ma’lumotnomasi
o‘z vaqtida kelmasa biz avvalo kutubxonachiga telefon qilamiz, javob bermasa
yoki paysalga solsa Maktab rahbariga, maktab rahbari o‘z o‘rnida kutubxonachini
chaqiradi yoki o‘tirgan joyidan kotibasiga: “ayt anavi kutubxonachiga armga
telefon qilsin, oboradigan ma’lumotnomasi bor ekan, topshirsin”,- deydi xolos.
Eng yomoni bizga olib kelingan ma’lumotnomalarda shu qadar xato kamchiliklar
ko‘pki, bu kamchiliklarni maktab o‘quvchisi ham bemalol aniqlay oladi, xatolari
ko‘p ekan deb qaytarib yuborishga avvalo odamgarchilik yuzasidan vijdonimiz
yo‘l qo‘ymaydi. Axir unga tuman markaziga kelib ketishning o‘zi bo‘ladimi,
boshqa tomondan qaytarib yuborsak qachon qaytarib olib kelishi dargumon bo‘lib
qoladi, bu ma’lumotnomalarga maktab rahbari o‘qimasdan muhr bosganiga nima
deysiz. Yana ular orasida qo‘l yozmalari ham kelib turadi, ya’ni qo‘lda
yozilgan ma’lumotnomalar, sababini so‘rasak javoblar bisyor.
O‘zi maktabda bitta kompyuter bor, u ham hech
bo‘shamaydi;
maktabimizda tok yo‘q edi;
Kompyuter qog‘oz chiqarmay qo‘ygan;
Informatika xonasi qulf ekan v/k.
Aslida esa maktab kutubxonachilarining kompyuter savodxonligi bo‘yicha
bilim va ko‘nikmalari nolga teng, ular hatto malaka oshirish kurslariga
borganda ham, kompyuterdan foydalanishni o‘rganib kelishmaydi yoki malaka
oshirish institutidagi mas’ullar bunga jiddiy qarashmaydi. Bizning tumanda ham,
qo‘shni tumanlarda ham vaziyat bir xil: maktab kutubxonalarida kompyuter,
printer degan narsa yo‘q. Kutubxonachi ming ovoragarchilik bilan maktabda undan
bundan gohida iltimos qilib gohida pulini berib tadbirlari uchun bayonnoma,
ma’lumotnoma, chora-tadbirlar rejasini yozdirib fleshkasida saqlab yuradi,
Tadbirlarni suratga tushirish uchun esa kimda yaxshi telefon bo‘lsa o‘shanga
iltimos qiladi. Qachon biz so‘rasak o‘tgan yilgi tadbirni sanalarini
o‘zgartirib chiqarib olib keladi. Ranglik fotosuratlarni esa tuman markaziga
kelib foto salonlarda chiqarib kelishadi. Har safar ularga yig‘ilish
o‘tkazganimda ichimda o‘z ishimga nisbatan nafrat uyg‘onadi, chunki men bez
betlarcha ko‘ra bila turib ulardan tadbirlar ma’lumotnomasini o‘z vaqtida olib
kelishlarini, ma’lumotnomaga suratlarni ilova qilishlarini qattiq talab
qilaman, chunki mendan ham yuqori tashkilotlar shuni talab qilishadi. Undan ham
yomoni kutubxonachilarga maktab ma’muriyati tomonidan qog‘oz, ruchka, qalam, yelim,
skoch berilmaydi, tuman markaziga borish kerakmi, viloyatgami yoki qaysidir
yangi tadbirga banner chiqarish kerakmi, rangli suratlarmi farqi yo‘q
kutubxonaga tegishli bo‘lgan barcha harajatlar kutubxonachining cho‘ntagidan.
O‘QUV DARSLIKLARNI TARQATISH, (AVGUST-SENTABR OYLARI)
Bu ishni bir stavka, ya’ni 30 ta sinfi bor maktab kutubxonachi misolida
hisoblaydigan bo'lsak. 30 ta sinf bu har bir sinfdan 3 tadan bor degani ya’ni
1-a, 1-b, 1-v va hokazo. 30 ta sinf ichidan 3ta birinchi sinfni olib tashlaymiz,
chunki ularga prezident sovg‘asi taqdim etiladi. Qolgan sinflarda o‘rtacha 28
nafardan o‘quvchi bor deb hisoblaymiz.
2-, 3-, 4-sinf o‘quvchilari uchun 10ta darslikdan
iborat 9x28=252 nafar o‘quvchi 252x10=2520 dona kitob
5- sinf 12 ta darslikdan iborat, 3x28=84 nafar
o‘quvchi 84x12=1008 dona kitob
6-sinf 13ta darslikdan iborat, 3x28=84 nafar o‘quvchi
84x13=1092 dona kitob
7-, 8-, 9-sinflar 10ta darslikdan iborat, 9x28=252
nafar o‘quvchi 252x10=2520 dona kitob
10- sinf 18 ta darslikdan iborat 3x28=84 nafar
o‘quvchi 84x18=1512 dona kitob
Kutubxonachining qo‘lidan o‘quv yili boshida jami 8652 dona kitob o‘tarkan,
754 jamlanma kitobni sanab ega-egalariga topshirib ijara shartnomasiga kitoblar
nomini yozib, qo‘l qo‘ydirib olish bilan birgalikda bu kitoblarni ijara
to‘lovini ham hisoblab olish kutubxonachining gardanida, ijara darsliklari
uchun quyidagicha pul yig‘iladi:
2-sinflar 8500x84=714000 so‘m
3-sinflar 9800x84=823000 so‘m
4-sinflar 11400x84=957600 so‘m
5-sinflar 7400x84=621600 so‘m
6-sinflar 11000x84=924000 so‘m
7-sinflar 13700x84=1150800 so‘m
8-sinflar 8900x84=747600 so‘m
9-sinflar 9400x84=789600 so‘m
Kutubxonachi ijaraga beriladigan kitoblarni tarqatish bilan birgalikda jami
6 728 200 so‘m pul mablag‘ini o‘quvchilardan, o‘quvchilarning ota- onasi yoki boshqa
yaqin qarindoshlaridan sanab olib maktabning shaxsiy g‘azna hisob varag‘iga
naqd pul yoki naqd pulsiz shaklda sanab topshiradi. Bu ishni oxiriga yetguncha
sentabr oyi ham yakunlanib qoladi. Sababi 2-4 sinflar uchun – kelgan o’quv
darsliklari ikki yilda bir marta va 5-9 sinflar uchun – to’rt yilda bir marta
yangilanadi, buning natijasida har yili qaysidir sinfga yangi darsliklar keladi
6 sinfning o‘ziga butunlay yangi darslik kelsa bu 1092 kitob degani, har bir
kitobga ikki marta maktab muhri bosiladi, ya’ni 1 va 17 betiga, yana unga
inventar raqami ro‘yxatga olingan sana, oy va yil ham yoziladi 1092 ta kitobga
kutubxonachi 2184 marta murh bosadi. Har birining 17 betini varaqlab ochganda
barmoqlari bilan o‘zi bilmagan holda 18564 varaq sanaydi. Hisoblab ko‘rdim
bitta o‘quv darslikka muhr bosib inventar raqam va sana yozishga 48 sekund vaqt
ketarkan 1092 ta kitobga 15 soat shunda ham u to'xtamasdan juda tez va sifatli
ishlashi kerak.
KITOBXONLAR QATNOVI. (O‘QUV YILI DAVOMIDA)
Kutubxonachilar, o‘quvchilar maktabga kelgan kundan boshlab faqat darslik
tarqatishmaydi, ular shu bilan birgalikda badiiy adabiyotlar ham tarqatishlari
kerak, bola kutubxonaga kitob o‘qish yoki olish uchun kirishni xohlasa, unga
keyinroq kel deb ikki uch marta ta’kidlayversa uni kitob o‘qishga bo‘lgan
qiziqishi so'nadi. Faoliyatimda shunday vaziyatlarga tushganman, ya’ni
ota-onalar telefon qilib nega farzandimni kutubxonaga kirgizmading nima
haqining bor yuqoriga chiqaman deb qo‘ng‘iroq qilishgan, telefon raqamimni
qayerdan olganliklari menga qorong‘u, ular sizni muammolaringizni eshitishni
xohlashmaydi, vazifangmi bajarasan deyishadi xolos, bunaqa vaziyatga nafaqat
men boshqa kutubxonachilar ham tushishgan hatto ancha ovora bo‘lganlari ham
bor. 840 ta o‘quvchisi bor maktab kutubxonasiga 1 kunda nechta o‘quvchi kitob
olish uchun kirishini bir tasavvur qilib ko‘ring, shuncha o‘quvchini bir kunda
hech bo‘lmasa 6 foizi kutubxonaga kirganda ham bu 50 nafar o‘quvchi degani. 50
nafar o‘quvchi 50 dona kitob olib ketadi va 50 dona kitob olib keladi,
kutubxonachi 50 marta joyidan turib kitoblarni o‘z joyiga qo‘yishi kerak
bo‘ladi albatta shu bilan birgalikda kitobxon formulyari va kitobdagi qaytarish
varag‘iga yozishga ham ozmi ko'pmi vaqt ketadi. Bitta kitobni olib qolib
ikkinchi kitobni berib yuborish uchun kutubxonachi o‘rtacha 1 daqiqa vaqt
sarflaydi, 50 nafar o‘quvchiga 50 daqiqa, lekin o‘quvchilarning hammasi bir xil
vaqtda kelaverishmaydida yana bolajonlarni kitobni rostdan ham o‘qigan yoki
o‘qimaganligini tekshirish uchun bir nechta nazorat savollarini ham berish
kerak, ularni ham falon kitob bormi ustoz degan savollariga javob berish ham
kutubxonachining vazifasiga kiradi. O‘quvchilar bilan birgalikda maktab
xodimlari ham kutubxonaga kirib turadi lekin unchalik ham ko‘zga tashlanadigan
darajada emas. Kutubxonachini qiynaydigan narsalardan biri bu kitoblarning
yo‘qolishi undagi kerakli varaqlarini o‘quvchilar yirtib olishi, kitoblarni
asrab avaylash uchun ham kutubxonachining bir ko‘zi yozayotgan narsasida bo‘lsa,
ikkinchi ko‘zi kutubxonaga kirgan kitobxonlarda bo‘ladi.
KUTUBXONANING GIGIYENIK HOLATI (YIL DAVOMIDA)
Kutubxona shunday joy bo’lishi kerakki, inson u yerga kirganida sokin,
ozoda, yorug’ va boshqa olamga tushub qolganday his qilishi kerak o’zini. Kitoblarning
ko’pligini ko’rganida ko’zlari quvnab o’qishga bo’lgan shijoati oshishi lozim,
kutubxona kutubxonachi uchun ishxona, boshqalar uchun ma’naviy dam olish xonasi
bo’lishi kerak. Maktab kutubxonalari haqida unday deb bo’lmaydi. Kutubxonaga
bir kunda 50 ta kitobxon kirsa bu yuzta oyoq degani, har biri ichkarida
o‘rtacha 12 metrdan masofani bosib o‘tsa bu o‘rtacha 30 qadam degani 50 kishiga
ko‘paytirsak 1500 qadam, xonada hech kim yugurmaganda ham bizni tuman va
qishloq sharoitida xonadagi javonlar va kitoblarni usti shu bilan birgalikda
polni ismingizni yozadigan darajada chang bosadi, qishin-yozin tozalanishi
kerak bo’lgan kutubxonani ulgursa kutubxonachi farroshga tozalatadi, ulgurmasa
o’zi tozalashiga to’g’ri keladi.
KITOBLAR VA KITOBLARGA ISHLOV BERISH (YIL DAVOMIDA)
Kutubxonadagi kitoblarni alfavitli va sistemali tartibda terilishini
nazorat qilib borish, reja bo‘yicha haftaning qaysidir kunida bir ko‘zdan
kechirib chiqib undagi qaytarish varaqalari, yorliqlar, kitob pasporti va
cho’ntakchalarini joyidaligini nazorat qilib turish ham kerak. Kutubxonaga
kelgan komissiya ishlov berilmagan bir dona kitobni ko‘rib qolsa, butun
kitoblarga “to`liq ishlov berilmagan” degan xulosani yozib ketadi. Kitobning
jihoz raqami inventardagi bilan bir xil bo`lishi kerak. Inventar kitobidagi
raqam kitobdagi bilan bir xil bo`lmasa ham inventar noto`g`ri yuritilgan
deb xulosa yozib ketishadi. Kutubxonadagi kitoblarning yaroqsiz holga kelgani
yoki yo‘qolganiligi haqida dalolatnomani tuzish ham o‘zining zimmasida, har oyning
25 sanasiga qadar kutubxonadagi kitoblar haqidagi hisobotni, tuman markazidagi
hisobchilarga yetkazishi kerak. Yangi kelgan badiiy adabiyotlarga yuqoridagi
yorliq, kitob pasporti va qaytarish varag‘i kabi narsalarni ham kutubxonachi
kompyuterdan chiqaradi, qirqadi, yozadi, yopishtiradi. Bir dona badiiy kitobga
to‘liq ishlov berib javonga qo‘yishgacha, kutubxonachi 8 daqiqa vaqt sarflaydi.
KUTUBXONA HUJJATLARINI YURITISH. (O ’QUV YILI
DAVOMIDA)
Kutubxonachi tadbirlarning nizomiga asosan chora-tadbir rejasi, tashkiliy
guruh, yig‘ilish bayonnomasi, tadbirlar ssenariylari, ma’lumotnomalar foto
suratlarni o‘ziga ham yig‘ib boradi, tadbirlardan tashqari yana quyidagi
hujjatlarni ham saqlashi va yurgizishi kerak, jumladan:
Jamlanma (kutubxonaga kelgan kitoblar yuk xatlarini
hisobga olish daftari)
Inventar (kitoblar nomi soni inventar raqami yozib
boriladigan daftar)
Kundalik
Formulyar (kutubxonaga a’zo kitobxonlarni a’zolik
kitobchasi)
Gazeta va jurnallar obunasi haqida jadval
Gazetalardan bibliografik kartotekalar yozib borish
(qaror, farmoyish, muxim sanalar v/h)
Yillik va oylik ish rejalari
Dalolatnomalar
O‘quv darsliklariga tegishli hujjatlar
Rad etilgan kitoblar ro‘yxati
Talab qilingan kitoblar ro`yxati
Kutubxona hujjatlari orasida kutubxonada qancha kitob borligi, fondni
qanchasi lotin alifbosida qanchasi kiril alifbosida va yana qanchasi boshqa
tillarda ekanligi haqida ma’lumot bo‘lishi shu bilan birgalikda sohalar
bo‘yicha ham fondni aniq ma’lumoti bo‘lishi, umumiy qilib aytganda
kutubxona fondini raqamli ko`rsatkichi bo’lishi shart.
MAVSUMIY ISHLAR (YIL DAVOMIDA)
Muhtaram yurtboshimiz endilikda pedagog xodimlar o‘z vazifalaridan
boshqa vazifalarga jalb qilinmasliklari haqida o‘z nutqlarida ta’kidlab o‘tdilar,
o‘sha kungacha maktab kutubxonachisining jamoadagi o‘rni xuddi shaxmatdagi
piyoda kabi edi; U obodonlashtirish, chopiq, chekanka, paxta kabi yumushlarga
farroshlar bilan birgalikda birinchi qatorda borardi. Biz ular bilan muntazam
ravishda aloqada bo‘lganimiz uchun ham buni hammadan ham yaxshi bilamiz. (hozir
axvol zo’r deyaolmayman, kuzatamiz)
OBUNA VA JAMLANMA (YIL DAVOMIDA)
Aksariyat kutubxonachilar yil boshida “shu obunani bizdan soqid qilishni
iloji yo‘qmi ayrim maktablarda tashkiliy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari
ayrimlarida ma’naviyatchi shug‘ullanar ekan” deb bizga murojaat qilishadi,
Maktab ma’muriyati nechta gazeta, nechta jurnalga a’zo bo‘lgan bo‘lsa ularni
hammasini yil davomida tarqatish kutubxonachining zimmasiga yuklatilgan. Yana qo‘shimcha tarzda kutubxonada gazetalarning oxirgi sonini jamlanmasini tikib borish ham kutubxonachini zimmasida. Aslida esa jamlanmalarni kutubxonada turishi umuman mantiqqa to‘g‘ri
kelmaydi. Misol uchun 5 ta nomdagi gazetaning oyma oy chiqqan sonlari jamlanmaga
tikib borilsa demak obuna bo‘lgan o‘qituvchilardan qaysi biridir pulini
to‘lagan bo‘lsa ham gazetasini olmayapti. Majburiymi yoki ixtiyoriymi gazetaga
maktabning o‘zi emas xodimlari obuna bo‘lishadi, nashriyot gazetani maktab
kutubxonachisiga emas aynan obunachining o‘ziga yetkazishi kerak. Bundan kelib
chiqadiki maktabga kelgan gazetalarning har birini egasi bor, maktab
kutubxonachisiga yuklatilgan bu vazifaning ustidan nazorat qilish esa
bilimsizlik. Ma'lumot uchun har oyda maktabga kamida 30 nomdagi gazeta va
jurnallar keladi, yana ularning har biridan eng kamida 4 nusxadan bo'lsa eng
ko'pi 20 nusxani tashkil qiladi.
O‘QUV DARSLIKLARINI YIG‘IB OLISH (MAY , IYUN OYLARIDA)
O‘quv yili yakuniga yetganda kutubxonachi o‘quvchilardan ijaraga berilgan
8652 dona kitobni bittalab tekshirib olishi va sinflarga bo‘lib keyingi yili
yana tarqatishiga oson bo‘lishi uchun tartib bilan taxlab chiqishi kerak,
blogbostimning boshida kitob tarqatishdagi ovoragarchiliklar haqida yozgandim,
kitoblarni qabul qilishda qiyinchiliklar ham oz emas, agar kitob yaroqsiz holga
kelgan yoki yo‘qolgan bo‘lsa o‘quvchini ota- onasini yoki sinf rahbarini
chaqirtib dalolatnoma tuzish ziyonini undirish kerak. 8652 dona kitobni
orasidan yo‘qolgani yaroqsiz holga kelib qolgani juda ko‘p uchraydi.
KUTUBXONA JOYLASHUVI VA RAXBARIYATNING BU HOLGA
BEFARQLIGI
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Kitob o‘qish” tadbirlari bo‘yicha amalga
oshirilayotgan ishlar yuzasidan 2017-yil 1-mart sanasida tuman seminarini
tashkil qildik, Seminarda qo‘shni tuman ARM rahbarlari, o‘zimizni tumandan
barcha maktab ma’naviyatchilari va kutubxonachilari, va viloyat Axborot-resurs
Markazi rahbari ham ishtirok etishdi, shaxsan o‘zim borib o‘sha vaqtdagi
viloyat xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘ini tadbirga taklif qilib keldim. U
kishining kelishi va seminarda ishtirok etishi maktab rahbarlarini kutubxonaga
bo‘lgan qarashlarini o‘zgartiradi degan umidda edim. Shaxsan borganim bilan ham
faoliyatimizga yuzaki qaradilarmi tadbirga kelmadilar. Seminarimizga bloger
Sanjar Saidni ham taklif qilgan edik, ikki yuz kilometrdan Sanjar Said o‘z
vaqtida yetib keldi biroq 40 kilometrdan viloyat Xalq ta’limi bo‘limidan hech
kim kelolmadi, Sanjar Said so‘zga chiqqanida maktab kutubxonalarining
joylashuvini tanqid qilib, kutubxonalar tor, sovuq, qorong‘i va maktab
binosining eng uzoq burchaklarida joylashgani haqida ta’kidladi. Shu bilan
birgalikda ularni binoning kiraverish qismiga, o‘quvchilar doimiy ravishda
o‘tib qaytganda ko‘ziga tashlanadigan xonalarning biriga ko‘chirish kerakligi haqida
taklif kiritdi. Ushbu tadbirdan bir necha kun o’tib yuqoridagi taklifni maktab
direktorlariga yig‘ilishlarning birida og‘zaki ravishda yetkazdim, lekin
rahbariyat bu taklifimizga ham jiddiy e`tibor bermadi. Ba’zi maktab
direktorlarning xonasiga kirsangiz ichidagi jihozlarning yarqirashi va xonaning
kengligidan dilingiz yayraydi qani endi kutubxonalar xam xuddi shunday bo‘lsa.
HOLIS FIKR
Maktab kutubxonachilari uchun yuqoridan kelgan tadbir va talablarni
bajarish juda qiyin yoki imkonsiz, ayrimlarining o’tkazilishi muddati bir oyga
to’g’ri keladi. Tadbir nizomi skanner qilingan holatda avval viloyatga, u yerdan tumanga, keyin maktab ish yurituvchisiga undan maktab kutubxonachisiga yetib keladi, ba’zi tadbirlar nizomi yo’l-yo’lakay yo’qolib qolishi va kutubxonachiga yetib kelmasligi kuzatiladi, tadbirlar nizomlarini topish uchun tuman markazida turib hatto biz internetdan foydalangan holda bir amallab topamiz, nafaqat internet xatto kompyuteri yo‘q bo‘lsa, ustiga ustak kompyuter bo'lganda ham undan foydalanish uchun ko‘nikmasi yo‘q kutubxonachi nima qilishi kerak? Yaxshiyamki bizni hududda 19 ta maktab bor biz o‘z hisobimizdan bo‘lsa ham ba’zi bir nizomlarni chiqarib kutubxonachilarga yetkazamiz 90 ta maktabi bor tumanlar buni qanday uddalashiyabdi ekan hayronman. Tan olib aytishim kerak o‘tkazilayotgan tadbirlarni 10 tadan 2 tasi yuqori darajada o‘tkazilishi mumkin shunda ham joni bor, gapi o‘tadigan kutubxonachining maktabida. Postni yozishdan maqsad ta’lim tizimida kutubxonachilar va kutubxonaga bo‘lgan e’tiborni oshirish ularning muammolari haqida yuqoridagilar va ular ishlab turgan maktab ma’muriyatiga ham bildirib qo‘yish, tadbirlar o‘ylab topadigan va ularning nizomlarini tuzadigan amaldorlardan iltimosimiz joylardagi sharoitlarni o‘rganmasdan, ularning imkoniyat darajasini hisobga olmasdan turib o‘zlaring yashab va ishlab turgan muhitdan kelib chiqib tadbirlarni o‘ylab topmanglar. Tajriba, moddiy texnik bazasi va moliyaviy tomondan ham Poytaxt bilan viloyat o‘rtasida, viloyat bilan tuman o‘rtasida, tuman bilan qishloqlar o‘rtasida juda katta sezilarli farq bor. Biz ham o‘quvchilarimiz, farzandlarimiz, uka-singillarimizni bilimli, dono, yurtimizga, jamiyatimizga foydasi tegadigan yaqinlari u bilan faxrlanib yuradigan daraja qobil inson bo‘lib ulg‘ayishini xohlaymiz. Agar sizning ham maqsadingiz shunday bo‘lsa avvalo kutubxonalarni moddiy texnik bazasini, kutubxonachilarning oylik ish haqini, ularning kun davomida bajaradigan vazifalarini tartibga olish haqida bosh qotirib ularni hal qilishda amaliy yordam bering, yana meni blogpostimni ro‘kach qilib maktabdagi kutubxonachilar faoliyatini o’rganish uchun chora-tadbirlar rejasi tuzib bir to‘da komissiyalarni yubormanglar, bu kamchilik va muammolar bilan men 10 yildan buyon kurashib kelmoqdaman, biroq yolg’iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dong’i chiqmas degan gap bor halq orasida.
Faqat muammolarni yozish bilan ish bitmasligini bilgan holda, faoliyatimdan kelib ushbu muammolarni hal qilishda quyidagi takliflarni kiritaman.
Maktab kutubxonalarini kompyuter va ranglik printerlar
bilan jihozlanishini yo’lga qo'yish, kutubxonachilarni kompyuter savodxonligi
bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishda tuman Axborot-resurs Markazlari
tomonidan 1 va 2 oylik bepul kurslar tashkil qilish.
Kompyuter va printerlarning uzluksiz va muammosiz
ishlashini nazorat qilishni Axborot-resurs markazlari xodimlari zimmasiga
yuklash.
Kutubxonachilarning muntazam ravishda kitoblar bilan
ishlashini inobatga olgan holda ularning oylik ish haqlarini eng kamida 50
foizga oshirish va kutubxona harajatlari uchun maktab xarajatlari smetasiga
zarur pul mablag‘ini kiritish.
Kutubxonalar uchun ajratilgan xonalarni
standartlashtirish va barcha maktab kutubxonalarini ushbu standartlarga mos
xonaga ko‘chirib o‘tkazishni yo'lga qo'yish.
Kutubxonachi javobgarligida bo‘lgan ommaviy
tadbirlarni sonini qisqartirish, tadbirlardan kutubxonachilarni ozod qilish va
kutubxonachilarni ish vaqti davomida kutubxonada kitobxonlarga sifatli xizmat
ko‘rsatishini ta’minlash.
Sinf rahbarlari hafta yoki oy davomida kutubxonaga
kirib o‘quvchining kitob olayotganligi kutubxonaga qatnovini nazorat qilib
borishi va kutubxonachining bu haqdagi ma’lumotiga tayangan holda maktab
direktori sinf rahbarlariga va bunga mas’ul shaxslarga tegishli jazo
choralarini qo‘llash yoki aksincha rag'batlantirish
O‘quvchilarni kitobxonlik madaniyatini shakillantirish
va kitobxonlikka jalb qilishda faol kitobxon o'quvchilarni moddiy hamda
ma’naviy tomondan muntazam ravishda rag’batlantirib borish, kitobxon
o’quvchilarning ota- onalariga maktab ma’muriyati tomonidan tashakkurnomalar
taqdim etib borish, jumladan maktab kutubxonachilarining o‘zlari tadbirlar o‘ylab topishi va bu tadbirlar
o‘quvchining darsiga xalaqit bermasligi, maktab ma’muriyati va kutubxonachini
ortiqcha qog‘ozbozlik va ovoragarchilikdan holi bo‘lishini inobatga olish.
Obunachi va matbuot tarqatuvchi o‘rtasida tuzilgan
shartnoma bandlarini ko‘rib chiqqan holda matbuot tarqatuvchidan gazeta va
jurnallarni kutubxonachiga emas obunachiga taqdim etilishi masalasini ko’rib
chiqish. (qanday bo’lmasin kutubxonachini obunadan ozod qilish yo’lini ko’rish
kerak)
Kutubxona fondini boyitish uchun har-xil tadbirlarga
umidvor bo‘lmasdan, maktab harajatlar smetasiga ma’lum miqdorda tuman moliya
bo‘limi tomonidan mablag’ ajratilishi, ajratilgan mablag’ga kitob harid
qilishda o’quvchi yoshiga mos ravishda bo’lishini va kitoblar sonda emas nomda
ko’p bo’lishini nazorat qilish.
Aziz mushtariy sizdan tanishlaringiz orasida kutubxonachilar bo’lsa
umringizni 30 daqiqasini ayamasdan ularga ushbu blogpostimni o’qib
berishingizni chin yurakdan iltimos qilaman, ularning maummolariga befarq emasligimizni
bilishlarini, o’z kasblariga noilojlikdan emas sharaf bilan yondoshishlarini
so'rab qolaman. Kelasi dam olish kunida e’tiborsiz qolayotgan boshqa bir sohalar haqida yozishga urunib ko’raman
Unutmang o’qimagan kitoblaringiz bir kuni sizni jazolaydi.
Jizzax viloyati Do'stlik tumani Axborot-resurs Markazi
raxbari:
Комментарии
Отправить комментарий