BLOGERLAR CHEMPIONATIDA LOTIN ALIFBOSIGA SEMIZ 2 QO'YILDIMI?
xabar.uz va bir nechta tashkilotlar hamkorligi va homiyligida tashkil qilingan blogerlar chempionatining saralash bosqichi tugagach o'zimni 166 o'rinda ko'rdim
va birinchi yil uchun havaskor blogerga yaxshi natija deb o'zimni ovutmoqchi bo'ldim,
Aslida shoshilib xato qilganligimni, mavzuni yaxshi tanlamaganligimni ancha
oldin tushunib yetgandim. O'zim haqimda unutib reytingi baland blogpostlarni o'qib
chiqib bir nimalarni o'ylab qoldim, o'ylaganlarim saralash bosqichidan menga o'xshab
o'ta olmagan yoki yarim finalga o'tgan TENGDOSHLARIMga as qotishi mumkin deb bu
haqda yozishga qaror qildim.
Xullas,
blogerlar chempionatining saralash bosqichi 387 ta ijodiy ish bilan o'z
yurishini to'xtatdi. 387 ta
postning 63,6 % i, aniqrog'i, 246 ta
post krill alifbosida, qolgan 36,4 foizi yani 141 ta post lotin alifbosida
yozilgan, ekan. O'zimning va mushtariylarning vaqtini tejash uchun yarim
finalga yo'llanma olgan 75 ta post haqida bazi raqamlar va mulohazalarim
quyidagicha.
Yarim finalga yo'llanma
olgan 75 postdan 78,7 foizi yani 59 ta post krill alifbosida qolgan 21,3 % i ya’ni 16 ta post lotin alifbosida yozilgan.
59 ta krill
alifbosida yozilgan postlarga mushtariylar tomonidan jami 503 ta izox
qoldirilgan (kimdir 3-4 ta fikr qoldirgan bo'lishi mumkin, lekin bu ikkala
tomonda ham kuzatiladi).
16 ta lotin
alifbosida yozilgan postlarga mushtariylar tomonidan 312 izoh qoldirilgan,
lekin shuni ta'kidlab o'tish kerakki 312 ta izohning 152 tasi bitta postga
tegishli (Shahbozbek Dolimov “Vaqt qadri” (o'zbek yoshlari uchun VLOG)) postiga.
75 ta postning dastlaki 30 tasida atigi ikkita lotin alifbosida yozilgan
post mavjud, ularning biri 3-o'rinda bo'lsa
ikkinchisi 29-o'rinda. Agar tashkilotchilar limitni 50 tadan 75 taga ko'tarishmaganda,
yarim finalga 9 ta lotin alifbosida yozilgan post mualliflari o'tishgan bo'lardi.
Men ushbu
blogpostimda nimaga urg'u bermoqchi bo'layotganimga tushunib boshlagandirsiz,
aziz mushtariy. Krill alifbosida yozilgan 59 postning mualliflari kimlar
ularning yoshlari nechchida? Xuddi shunday savolni lotin alifbosida yozilgan 16
ta post mualliflariga ham berish mumkin, ular kimlar?
LOTIN ALIFBOSIDA
YOZILGAN 16 TA POST HAQIDA
Saralash bosqichida 3-o'rinni band qilgan bloger Mamur Akhlidinov 1979-yilda tavallud topganlar,
lekin u kishi xohlasalar ham krill alifbosida post yozmasdilar, balki
yozolmasdilar ham. U kishi o'zi yashab turgan muhitdan va bosib o'tgan yo'llaridan,
olgan ta'lim jarayonidan kelib chiqib lotin alifbosida qoyilmaqom qilib post
yozganlar.
29-o'rinni egallagan blogni lotin alifbosida yozilishining asosiy sababi
postning mavzusi, boshqa tomondan post muallifi Valijon Turakulovning PhD/O'qituvchi(Xalqaro Savdo, Inha Universiteti) ekanligida.
31-o'rinni band etgan (Bahrom Kalonov) “Rais Buva” nomli postning muallifi haqida aniqroq ma'lumot topoa olmadim. Ushbu post, menimcha, chempionatdagi ham lotin alifbosida, ham krill alifbosida aralashtirib yozilgan yagonda post bo'lsa kerak.
34-o'rin egasi (Abdullev Ruslan) post mavzusidan kelib chiqib ham lotin
alifbosida yozishga majbur bo'lgan. Yana muallifning 1988-yilda tavallud
topganligi ham krill alifbosiga nisbatan lotin alifbosida yozish bir muncha
oson bo'lgan. Sababi 1988-yilda tavallud topgan yurtdoshlarimiz 1994-yilda
maktabga ilk qadamlarini qo'yishgan va 2 yil krill alifbosida ta’lim olib, 1996
yildan lotin alifbosiga o'tishgan.
35-o'rindagi post muallifi (Alisher Tojiev) kaminaning tengdoshi, ya’ni
1990-yilda tavallud topgan ekanlar (facebookdagi sahifasiga asoslanib) ushbu
post muallifi lotin alifbosida post yozishi tabiiy. Yuqorida aytganimdek, lotin
alifbosiga 1996-yilda o'tganmiz, post muallifi 1996 yoki 1997 yilda maktabga 1-sinfga
qabul qilingan va to`liq lotin alifbosida o'qishni davom ettirgan.
38-o'rindagi post (Umida Butayorova, vlog) muallifi Jaxon tillari universitetida
tahsil olgan yoki olmoqda (facebookdagi sahifasiga asoslanib, googledan
izlaganimda aniq ma'lumot topa olmadim) Muallifning chempionatga topshirgan mavzusidan ko'rinib turibdi, u kishi ish davomida ham to'liq lotin alifbosidan
foydalanadilar.
42-o'rindagi post (Azizbek Yusupov) muallifining kimligini bilish uchun
ism familiyasini avval facebook ka keyin google ga yozib izlab ko'rdim. Chiqqan
ma'lumotlardan ko'nglim to'lmadi. Aksiga olib post muallifi championatdagi
sahifasiga ham o'z suratlarini qo'ymabdilar. Keyin qani balki javobni postdan
toparman deb postga ko'z yugurtirdim. Yuz foizlik ishonch bilan aytishim
mumkinki post muallifi kaminadan bir necha yosh kichik. (boshlang’ich ta’limni
ham o'rta ta’limni ham lotin alifbosda o'qigan mustaqillik farzandlaridan)
46-o'rinni band qilgan post muallifi (Muzaffar Qosimov) haqida facebook da ma’lumot topish qiyin bo'lmadi, biroq sahifalarida tug'ilgan yillari
ko`rsatilmagan yoki berkitilgan ekan. Shunday bo'lsa ham, 2003-yil o`rta
maktabni tamomlaganliklaridan muallifni 2-3 sinfdan boshlab lotin alifbosida tahsil
olgan deb aytishim mumkin. Muallifning ayni damdagi kasbi ham lotin alifbosida
post yozishga turtki bo'lganligi aniq.
53-o'rindagi post muallifi (Dilnavoz Berdiyeva) haqida ham internetdan
aniqroq ma’lumot topa olmadim va yana postga yuzlanishimga to'g'ri keldi,
postdagi “Men o'qituvchi, ilmiy izlanuvchi inson sifatida
quyidagi takliflarni kiritaman:” so`zidan ko`rinib turibdi muallif nima uchun
lotin alifbosida post yozganligi. Postni boshidan oxirigacha o'qib chiqdim va
sizlarga muallifga dushman bo'lib qolishdan saqlanishlaringizni tafsiya
qilaman.
54-o'rindagi post muallifi (Sherzod Shermukhamedov)
1989-yilda tavallud topgan ekanlar (facebookdagi sahifasiga asoslanib) lotin
alifbosida post yozishga, avvalo, boshlang'ich ta'limni lotin alifbosida
olganliklari bo'lsa, keyingi o'rinda post mavzusi ham qisman turtki bo'lgan.
58-o`rindagi post (Gulruxoyim Yusupova) mavzusi quyidagicha
“O'zbekiston davlat jahon tillari
universitetida ijtimoiy tajriba (vlog)” lotin alifbosida yozilishiga sabab
muallifning tanlagan mavzusida deb o'ylagandim. Lekin muallifning 1995-yilda
tavallud topganliklari, (facebookdagi sahifalariga asoslanib) agar xohlasalar
ham krill alifbosida post yozmasliklarini tasdiqlashim mumkin. 1995-yilda
tavallud topgan muallif, chamasi, 2001-2002 yilda maktabga ilk qadamlarini qo'yganlar.
Bu vaqtga kelib, lotin alifbosida dars o'tishga o'qituvchilarda 4.5 yillik
tajriba bo'lgan.
61-o'rindagi
post muallifining (Davronbek Alijonov) yoshini facebookdagi sahifalariga yuklagan
shaxsiy suratlaridan aniqlashimga to'g’ri keldi. Muallif lotin alifbosida tahsil olgan mustaqillik farzandlaridan
ekanligi aniq (facebook dagi suratlariga asoslanib), qo'shimchasiga muallifning
yashab turgan muhiti ham bosib o'tgan yo`llari ham lotin alifbosida
qiynalmasdan post yozishgan imkon yaratgan, nazarimda.
64-o'rindagi
post (Shohbozbek Dolimov) chempionatda eng ko'p muhokama qilingan postlar
reytingida 1-o'rinni katta farq bilan band qilgan, muallif haqida google u
kishining yaqinlaridan ham ko'proq ma’lumot taqdim etdi.1994-yilda tavallud
topgan muallifimiz boshlang’ich ta’limdan to hozirgacha (ayni damda ham o`qimoqdalar
ekan chet elda) lotin alifbosi bilan aka-ukaday bo'lib ketganliklariga
ishonchim komil.
68-o'rindagi
post muallifi (Muzaffar Umar) haqida intenrnetdan hech qanday ma’lumot topa
olmadim keyin postga yuzlandim, postda muallif o'zi haqida aniq ma'lumot
bermagan, lekin kaminaga kasblarini bilish uchun yetarli bo'ldi. Muallifning
ishidan kelib chiqib lotin alifbosida post yozgan, nazarimda. Muzllifning ayni
damdagi kasbidan aytishim mumkinki maktabda olgan ta'lim tilimining kamida 50
foizi lotin alifbosiga tegishli bo'lgan.
69-o'rindagi
post (Muhammadsodiq Donayev) muallifini kimligini aniqlashga 20 daqiqadan ziyod
vaqt sarfladim, ochig'i. Yakunda post muallifini Xitoy davlatida talaba bo'lishi
mumkinligi haqidagi xulosam bilan izlanishlarimni to`xtatdim. Muallifning ayni
damda talaba ekanliklarini va unga post mavzusini ham qo'shsak, maktab
davridagi olgan ta'lim tilining 80.90 foiz lotin alifbosiga tegishli ekanligi
oydin bo'ladi.
75-o'ringa ham yetib keldik, ushbu post muallifi (Muhsin Rajabov) haqida ham
internetdan aniq ma'lumot topolmadim. Umuman hech nima topaolmadim desam ham bo'ladi.
Muallifni chempionatga taqdim etgan mavzusi va muallifning chet elda ekanligi
(adashmasam AQSH) lotin alifbosida yozishga majbur qilgan, nazarimda. Ishonch
bilan aytishim mumkinki, muallif boshlang'ich ta'limni to'liq krill alifbosida
tamomlaganlar.
Xulosam shuki yarim finalga yo'llanma olgan 16 ta
lotin alifbosidagi postlarning mualliflari orasida o'zimga o`xshagan ya'ni
boshlang'ich va o'rta ta’limni lotin alifbosida tamomlagan, o'rta maxsus
ma’lumoti bilan cheklanib turgan ishtirokchini ko'rmadim. 16 nafar blogerning
95 % i oliy ma'lumotga ega yoki shu yo'ldagi shaxslar. Kimdur bunday past
natijaga lotin alifbosida berilayotgan boshlang’ich ta'limning sifat samaradorligini
sabab qilib ko'rsatishi aniq, chunki chempionatga lotin alifbosida kelib
tushgan 141 ta postning 11 % i, ya'ni 16 tasi keyingi bosqichga ilingan bu 9 dan
bir qismi degani. Biroq kaminaning bunday xulosasidan hafa bo'lishga
shoshilmang. Aziz TENGDOSHLAR, bu hali boshlanishi, imkon topildi deguncha
chempionatning saralash bosqichi haqida sizlarga taskin beradigan fikr va mulohazalarimni
taqdim etib borishni rejalashtirganman.
59 ta krill alifbosidagi postlar va post mualliflari
alohida mavzu, hozircha yarim finalga chiqqan 16 nafar lotinchilarimizni qo'llab
quvvatlab turamiz.
Bo'sh kelmang lotin alifbosida tahsil olgan
mustaqillik farzandlari.
“Blogerlar chempionati 2018” ishtirokchisi Beknazar Raxmatov
Jizzax viloyati Do'stlik tumani Axborot-resurs Markazi rahbari.
Qoyil, analiz-sintez o'z o'rnida qilinibdi!
ОтветитьУдалитьraxmat, yaxshi chiqishiga harakat qildim... )
Удалить